O‘tkir Hoshimov

Yozuvchi, Dramaturg
O‘tkir Hoshimov
Tavallud sanasi:
1941 Avgust 4
Vafot sanasi:
2013 May 24

O‘zbekiston xalq yozuvchisi va jamiyat arbobi O‘tkir Hoshimovdir (1941 - 2013). U qariyb qirq yildan buyon o‘zining ajoyib publitsistik maqolalari, xikoya, qissa va romanlari bilan adabiyotimiz taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shib keldi. O‘tkir Hoshimovga samarali ijodiy mehnati uchun 1991 yili «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berilgan.

Tarjimai hol

Noyob iste’dod sohibi O‘tkir Hoshimov adabiyotga Abdulla Oripov, Omon Muhtorov, Shukur Holmirzaev singari bir qator tengdoshlari bilan birga kirib keldi. O‘sha paytda adabiyotimizning Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayhzoda singari ulkan yozuvchilari hayot bo‘lib, ularning nazariga tushish hammaga ham nasib qilavermasdi. O‘tkir Hoshimov esa Abdulla Qahhordek mashhur san’atkor e’tiborini jalb qilgan yoshlardan edi.

O‘tkir Hoshimov 1941 yilning 5 avgustida Toshkent viloyatining Zangiota tumani Do‘mbirobod mavzeida tavallud topdi. Bolaligi urush qiyinchiliklari, muhtojliklari davrida kechgan.

1958 yilda o‘rta maktabni bitirib, Toshkent Davlat universiteti jurnalistika bo‘limining avval sirtqi, so‘ngra kunduzgi bo‘limida o‘qib, 1964 yilda tugatadi. 1959-1960 yillarda «Temir yo‘lchi», 1960 yilda hozirgi «O‘zbekiston ovozi», 1960-1982 yillarda «Toshkent haqiqati», «Toshkent oqshomi», 1982-1983 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1985-1995 yillarda «Sharq yulduzi» jurnaliga bosh muharrir va 1995 yildan 2004 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib keldi. Keyinchalik «Teatr» jurnalida muharrirlik qildi.

Faoliyati

O‘tkir Hoshimov o‘z ijodini she’r va ocherklar yozishdan boshladi. 1962 yilda uning "Po‘lat chavandozlar" ocherklar to‘plami bosilib chiqdi. Shundan keyin uning birin-ketin hikoya, qissa va romanlari kitobxonlarning qo‘liga borib tegdi. Uning ilk qissasi "Cho‘l havosi" (1964) adabiy jamoatchiliq tomonidan iliq qarshi olindi. Atoqli adib Abdulla Qahhor bu qissa haqida o‘sha paytda juda yaxshi fikr bildirgan.

O‘tkir Hoshimovning bu qissasiga yozgan oq yo‘lida u "Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi", - deb bashorat qilgan edi. Shu asardan yozuvchining izlanish va mashqlar davri boshlandi. Adib ijodidagi ilk qadamlaridayoq inson ma’naviyati, ruhiyati, hissiyoti, qalb haqiqati tadqiqotchisi sifatida ko‘ringan edi.

Roman, qissa, hikoyalarida so‘z san’atining azaliy bosh muammosi - inson takdiri va qalbining badiiy tahlili ham mavjud edi. Muallif dolzarb ijtimoiy muammolar talqini bilan yondosh holda ko‘p o‘rinlarda personajlar ruhiyatidagi g‘oyat nafis jarayonlarni san’atkorona ifoda etardi. "Cho‘l havosi", "Muhabbat", "Nigora", "Shamol esaveradi" nomli hikoya va qissalar shundan dalolatdir.

Keyinroq u dolzarb, ijtimoiy muammolar talqiniga ko‘proq moyillik bildirib, ayni zamonda bevosita ma’naviyat, ruhiyat tahliliga bag‘ishlangan asarlar ustida ish olib bordi. Yozuvchining shu yo‘nalishdagi "Qalbingga quloq sol" (1973), ayniqsa, "Bahor qaytmaydi" (1970), "Dunyoning ishlari" (1982) qissalari unga katta shuhrat keltirdi.

"Bahor qaytmaydi" (1970) qissasida yozuvchi iste’dodli, biroq uning qadriga yetmagan, ulug‘ maqsadlardan marhum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy-ma’naviy inqirozini san’atkorona tahlil etib berdi. Bundan adibning haqiqiy ijod yo‘liga kirganligini ko‘ramiz.

O‘tkir Hoshimov asardan-asarga o‘sib bordi. Unda nafosat tuyg‘usi behad kuchli. Hatto u aldangan odamning ma’naviy inqirozi, fojeasi, halokati tasvirida ham shu tuyg‘usini saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, oliyjanob, ma’naviy barkamol odamlar qalbi tahlilida o‘zini nixoyatda erkin his etadi. Uning ijobiy qahramonlari aksari go‘dakday beg‘ubor, nafosat tuyg‘usiga boy, hissiyotli, o‘ta ta’sirchan odamlardir.

Yozuvchi ijodiga xos liro-romantik tarona uning "Dunyoning ishlari" qissasida eng baland pardalarda jarangladi. Bu asar ona haqidagi, ona qalbining cheksiz sahovati to‘g‘risidagi o‘ziga xos qasidadir. Asardagi Ona - farzandi, uning oromi, baxti uchun jonini, jahonini berishga tayyor. U ming-minglab o‘zbek onalarining timsoliga aylandi. Har bir o‘zbek kitobxoni unda o‘z onasining qandaydir fazilatini topgandek bo‘ladi.

Qissadagi "Alla", "Oq marmar, qora marmar" kabi novellalarda onaning farzandi qalbida qoldirgan armonlari haqida o‘tkir yozilgan. Kishi bularni o‘kir ekan, tasvirdan ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketadi.

O‘tkir Hoshimovning "Oq kamalak" to‘plami ham hayotiy muammolar, to‘g‘rirog‘i, turmush tashvishlari to‘g‘risida bahs yuritadi.

Yozuvchining birinchi romani - "Nur borki, soya bor" 1977 yili nashr qilindi. Roman chiqishi hamono turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi. Asarda ko‘pgina hayotiy, muhim ahamiyatga ega muammolar ko‘tarilgan edi. Bular azaldan kishilik jamiyatining falsafasi bo‘lmish "nur" va "soya"lar orasidagi kurash, tortishuv fonida yoritiladi.

Asar o‘z davrida adabiy tanqidchiliq tomonidan iliq kutib olindi, unga munosib baho berildi, faqat romanga keskin to‘qnashuvlar va kolliziyalar etishmasligi qayd qilindi. Bundan tashqari, O‘tkir Hoshimov O‘rta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida namoyish qilingan "To‘ylar muborak", "Sizdan ugina, bizdan bugina", "Inson sadoqati", "Qatag‘on" kabi pesalarining muallifidir.

O‘tkir Hoshimov E.Heminguyey, K.Simonov, A.Kuprin, O.Berggols singari yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Ijodkor 80-yillar o‘zbek publitsistikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan biridir. Uning odob-ahloq, ma’naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va teleko‘rsatuvlari bu davrning barkamol mevalaridir.

Muallifni endi kundalik dolzarb ijtimoiy masalalar emas, ko‘proq azaliy ma’naviy muammolar, inson taqdiri, uning qalbi jumboqlari qiziqtiradi. Bu narsa "Ikki eshik orasi" romanida ayniqsa, ravshan ko‘rindi. Bu bilan adib ijodiy yo‘lining etuklik bosqichi boshlandi.

Yozuvchining "Ikki eshik orasi" romani ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Roman 1986 yilning eng yaxshi asarlaridan deb topilib, Hamza nomidagi respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgandi. "Ikki eshik orasi" romanida o‘z davrining muhim muammolari qalamga olindi, o‘sha yillar voqea-hodisalariga munosabat bildirildi. Romanning asosiy qahramonlari ikkinchi jahon urushi og‘irliklarini yelkasida ko‘targan, unda mardona g‘olib chiqqan kishilardir. Umuman olganda, romanda butun jamiyat kishilarining urush davridagi fidokorligi o‘zining badiiy ifodasini topgan. Roman qahramonlaridan biri Muzaffar - urush davrida muayyan qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, 70-yillarga kelib farovon turmushga erishgan Yoshlarning timsoli tarzida beriladi. Romanning sarlavhasidan tortib, deyarli butun mazmunigacha yozuvchi jiddiy falsafiy ma’no yuklashga intilgan.

Xususan, u "Ikki eshik orasi" deganda inson umrini, ya’ni tug‘ilgandan o‘lgungacha bosib o‘tgan yo‘lni ko‘zda tutadi. Muallifning g‘oyaviy falsafasiga ko‘ra bu yo‘l juda murakkab va ziddiyatli bo‘lib, uni muvaffaqiyat bilan bosib o‘tishi uchun insondan katta matonat, iroda, bilim va jasorat talab qilinadi. Asardagi ko‘pchilik qahramonlar, xususan, Oqsoqol, Qora amma, Robiya, Shomurod, Kimsan huddi shunday jasoratli va ruhan boy kishilar bo‘lib, ko‘p jihatdan yozuvchining g‘oyaviy maqsadini ta’sirchan ifodalashga xizmat qilgan. Muallif falsafasiga ko‘ra o‘z umrini sharaf bilan bosib o‘tmog‘i uchun insondan katta matonat va jasorat talab qilinishining sababi shundaki, u o‘z hayoti davomida og‘ir kurashlar girdobidan, yengib bo‘lmas to‘siqlardan o‘tishga majbur bo‘ladi. Asarda huddi shunday inson hayotining to‘siqlari, illatlari sifatida Umar zakonchi, Ra’no, Zuhra kabi shaxslar timsoli yaratilgan bo‘lib, ular romandagi kurashlar, to‘qnashuvlar, ma’naviy ixtiloflar keskinligini, tarangligini oshirishga imkon tug‘dirgan.

Hayotdagi illatlarga qarshi ayovsiz o‘t ochish istagi O‘tkir Hoshimovni "Ikki eshik orasi" romanidan keyin tadrijiy ravishda hajviyotga murojaat qilishga olib keldi. Oqibatda uning "Ikki karra ikki - besh" qissasi maydonga keldi. Yozuvchining ilgarigi asarlarida ahyon-ahyonda hajviyot uchrab turar edi. "Ikki karra ikki - besh" qissasi esa, ulardan butunicha hajviy uslubda yozilganligi bilan farq qiladi. Hajviyot tig‘ini hayotdagi martabali kishilarga, katta raxbarlarga, xususan, raislarga qaratgani va ularning ma’naviy tubanligini ro‘yi-rost fosh qilishga intilgani bilan yozuvchi qissaning ko‘p saxifalari ta’sirchan va qiziqarli bo‘lib chiqishiga erishgan. Faqat dalillash san’atining etishmaganligi va ayniqsa, raisning o‘g‘li o‘z otasiga qarshi keskin kurashga kirishishi yaxshi asoslanmaganligi sababli qissa 80-yillar o‘zbek hajviyotidagi sezilarli hodisa darajasiga ko‘tarilmay qoldi.

Yuqorida tilga olingan so‘nggi ikki asarida O‘tkir Hoshimovning inson ma’naviy olamini, psixologiyasini teran tahlil qilish mahorati ancha oshganligi aniq-ravshan sezilib turadi. Bunda yozuvchi turli-tuman vositalar qatorida qahramonlarning dil izhorlaridan, ichki monologlaridan unumli foydalangan. Ichki monologlar qo‘llashda yuqoridagi asarlarda boshlangan usuldan yozuvchi "Tushda kechgan umrlar" romanida yanada ustalik bilan foydalandi. "Tushda kechgan umrlar" romanida voqealar qamrovi juda keng: 30-yillarning mash’um "qatag‘on" qilish manzaralari, 80-yillarda Afg‘oniston urushi lavhalari, shu yillarda sodir bo‘lgan "o‘zbek ishi" mojarolari. Bu uchta yirik, juda katta hajmli voqealarni bir-biri bilan bog‘lashda, ular orasiga "biriktirish nuqtasini" topishda muallif ichki monologdan unumli foydalanadi.

Yozuvchi endilikda badiiy asar yaratishda publitsistika bajarishi lozim bo‘lgan vazifani sekin-asta o‘z zimmasidan soqit qilmoqda. U kundalik dolzarb masalalar tahlilini publitsistikaga berib, e’tiborini o‘zining azaliy ishi - inson qalbi jumboqlari tadqiqiga astoydil qaratmoqda.

Romandagi Rustam, Shahnoza kabi qahramonlar ruhiy olamining talqini huddi shunday xulosa chiqarishga imkon beradi. Faqat roman kompozitsiyasining nomukammalligi uning adabiyotda juda katta hodisa darajasiga ko‘tarilishiga halaqit bergandek tuyuladi. Kompozitsiyadagi tarqoqlik, ayniqsa, Rossiyadan yuborilgan kishilar hayotiga, faoliyatiga bog‘liq voqealarning, tafsilotlarning asosiy syujet chiziqlariga uzviy bog‘lab yuborilmaganida yaqqol seziladi.

Shunga qaramay, yozuvchining so‘nggi asarlari O‘tkir Hoshimovning hozirgi o‘zbek nasridagi sermahsul ijodkorlardan biri darajasiga ko‘tarilganligidan guvohlik beradi.

O‘.Hoshimovga samarali ijodiy mehnati uchun 1991 yili «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berilgan. U «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan ham taqdirlangan.

O’zbek adabiyoti va san’ati og’ir judolikka uchradi. Atoqli adib, O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimov 2013 yil 24 may kuni 72 yoshida vafot etdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/hoshimov_o%E2%80%98tkir_
Sayt foyda berdi!
87295 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.

Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.

izoh.uz

TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.

TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.

tvinfo.uz

DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.

DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.

dostavkainfo.uz

Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.

Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.

imlo.uz

Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.

Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!

lotin.uz

Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).

Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).

maqollar.uz

Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!

Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!

latifa.uz

Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.

Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.

onmap.uz

O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.

Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.

uztelegram.com

O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.

С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.

sarlavha.com

O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.

Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.

sinonim.uz
Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek va dunyo ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2024
Obuna va GoodGroup loyihasi